Qaysi kasb egasi bo`lmoqchisiz?

Hisobchi
Tarjimon
Injener
Yurist
Shifokor
O`qituvchi
           
MAKTABDAN MAXSUS TAKLIF
8-MAKTAB IJTIMOIY-GUMANITAR VA ANIQ FANLAR BO'YICHA CHUQURLASHTIRILGAN SINFLARGA O'QISHGA TAKLIF ETADI
DSC_0302

batafsil

Kechadan o`rgan, bugun yasha, ertaga ishon. Eng asosiysi ilm o`rganishdan to`xtama.

 

Bugun %d %M
%h:%m
Главная \ KLUBLAR VA TO'GARAKLAR \ ZULFIYAXONIM IZDOSHLARI

ZULFIYAXONIM IZDOSHLARI

 

Bahorning ilk kunida tug‘ilish ham aslida taqdirning inoyati bo‘lsa kerak. Har yili bahor kelishi, bahor bayrami mamlakatimizda she’riyatimiz malikasi Zulfiyaxonim tavallud topgan kun bilan hamohang nishonlanadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, bahorning boshlanishi yurtimizda tom ma’noda adabiyotimiz, she’riyatimiz ayyomiga aylanib ketadi.

Zulfiya nomi, Zulfiya ijodi istiqlol yillarida chinakam qadr topdi, e’zozlandi. 1995 yilda Zulfiyaxonimning 80 yillik yubileyi munosabati bilan Prezidentimiz yo‘llagan tabrigida e’tirof etilganidek:

«Muhtarama Zulfiyaxonim!

Siz latif ijodingiz bilan millionlab kishilarga ezgulik, muhabbat va sadoqatdan saboq berdingiz.

Hayot sizni har doim ham ayagani yo‘q. Aslida bu yorug‘ dunyoda ayriliq va hijron azobi hammaning ham boshida bor, ammo g‘am-anduhlarni matonat bilan mahv etgan, armonlaridan tirik orzular yaratgan, tog‘dek bardoshi bilan sadoqat va vafo ramziga aylangan siz kabi ayollar juda kam topiladi...».

Darhaqiqat, Zulfiyaxonim yetuk shoira, sadoqat va vafo timsoli sifatida butun o‘zbek ayollari uchun namuna bo‘la oladi. Axir umrining yarim asrdan ko‘prog‘ini bir inson xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazish, uning yodi bilan yashash qahramonlik emasmi? Zulfiyaxonim Mirtemir ta’biri bilan aytganda, chindan ham «tong kuychisi». Naqadar go‘zal, yurakni titratadigan tavsif. Tong nafaqat tabiatning, balki tiriklikning, ruhiyatning va ko‘ngilning eng pok, eng sof fasli. Niyatlar, orzu, intilishlar va maqsadlar ham xuddi tongi shabnamdek beg‘ubor bo‘ladi.

Zulfiyaxonim o‘zbek she’riyatiga ayol qalbining nafosati, nazokati va ma’sumligi bilan yo‘g‘rilgan shunday go‘zal tug‘yonlarni olib kirdi. Va o‘zi ham insoniyatni yaxshilikka undab, yomonliklardan asrab turgan shu buyuk tuyg‘ular kabi mangulikka muhrlandi.

Bahorning ilk tongida uyg‘onib, poytaxtimiz markazida Yurtboshimiz tashabbusi bilan qad rostlagan Zulfiyaxonim haykali poyiga guldastalar qo‘yish, shoiraga ehtirom ko‘rsatish uchun yig‘ilgan adabiyot ixlosmandlarining qalbida aynan shunday ezgu tuyg‘ular mujassam edi.

— Zulfiya opa o‘zbek adabiyotida o‘z maktabini yarata olgan so‘z san’atkori edi, — dedi tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. — Shoira ijodi, uning hayot yo‘li barchamizga o‘rnak bo‘la oladi.

— Zulfiyaxonim o‘zining «Xotiram siniqlari» nomli dostonida mash’um tuzum uni «baxt kuychisi» qilib qo‘yganidan noligandi, — deydi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Guljamol Asqarova. — Istiqlol yillarida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ta’sis etildi. Ko‘ksimizda turgan ushbu mukofot bizga qanchalik faxr bag‘ishlasa, shunchalik mas’uliyat ham yuklaydi.

O‘tgan asrda yashagan qanchadan-qancha adabiyotimiz namoyandalari tillarida aytolmasa-da, dillarida hurriyatga intilib yashadi. Ammo ko‘pchiligiga bu dorilamon kunlarni ko‘rish nasib etmadi. Zulfiyaxonim istiqlolga intilgan zamondoshlari orasida unga yetishgan baxtli insonlar qatorida quvondi, Vatan mustaqilligini faxr-iftixor bilan qarshi oldi. Mustaqillik nafasi unga harorat, yangi kuch bag‘ishladi:

Hurriyat, keldingmi, nahotki kelding!
Kelar yo‘llaringda pinhona toldim.
Mening ota-onam, jon Vatanimda,
Elim taqdirida abadiy qolding...

Shoiraning yuqoridagi misrasi uning o‘ziga ham taalluqli. Ya’ni Zulfiyaxonim nafaqat o‘zbek adabiyotida, balki butun o‘zbek xalqining xotirasida abadiy yashamoqda.

Etuk adabiyotshunos olim, publitsist va tarjimon, O‘zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinovning 80 yilligi keng nishonlanayapti.

Ozod Sharafiddinov haqida ko‘p va xo‘b gapirilganga, yozilganga o‘xshaydi. Ammo har safar domla esga olinganda, uning yangi-yangi qirralari ochilib boraveradi. Kuni kecha Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Madaniyat saroyining kichik zalida Ozod Sharafiddinovning «Ma’naviyat» nashriyoti tomonidan chop etilgan «Domlalar» nomli kitobi taqdimotida ham xuddi shunday bo‘ldi. Ushbu tadbirda universitet talabalari, professor o‘qituvchilari, hamda ustozning yaqinlari, do‘stlari, ko‘plab shogirdlari qatnashdi.

— Ushbu kitob universitetimizning muxtasar tarixiga o‘xshaydi, — dedi taqdimot marosimini ochar ekan O‘zMU rektori, professor G‘ofur Muhammedov. — Muallifning ushbu kitobiga o‘zbek adabiyoti vakillari haqidagi fikr-taassurotlari jamlangan. Ularning aksariyati bizning universitetimizda faoliyat ko‘rsatishgan. Eng asosiysi, fikrlar juda ham jonli berilgan. Shuni alohida ta’kidlashim kerak, bu kitob faqat domlalar haqidagina emas, balki universitetimiz bosib o‘tgan shonli yo‘l haqida hamdir. Ozod Sharafiddinov hozirgi zamon o‘zbek adabiyotshunosligida maktab yarata olgan olim. U kishining ishlarini davom ettirish bizning burchimiz deb o‘ylayman. Shundan kelib chiqib, o‘zbek filologiyasi fakulteti bilan kelishgan holda «O‘zbek adabiyoti tanqidchiligi» to‘garagini tashkil qildik. Bu yerda domlaning munosib izdoshlari yetishib chiqadi, degan umiddamiz.

— Ozod aka juda ham mehribon edi, — dedi adabiyotshunos olim Ibrohim G‘ofurov. — Shogirdlarini har doim teng ko‘rardi, barchasiga mehr-muruvvat ko‘rsatardi. Ularning muammolarini hal etishga yordam berardi. Keng ma’noda ma’rifatli inson edi. Domla tanqidchi, tarjimon sifatida o‘zbek adabiyotida chuqur iz qoldirdi.

— Domla, ayniqsa, oxirgi o‘n yillikda ko‘p ishlar qildi, — dedi «Tafakkur» jurnalining bosh muharriri, yozuvchi Erkin A’zam. — Ushbu kitob Ozod akaning o‘zi ko‘rgan-bilgan va eshitgan zamondoshlari haqida yozib ulgurganlaridan bir qismi, xolos. Kitobga u kishining maktab va universitetda ta’lim bergan ustozlari, tengdosh do‘stlari, shogirdlari haqidagi esdaliklari kiritilgan. Ustozning farzandi filologiya fanlari nomzodi Muhabbat Sharafiddinova bu qo‘lyozmalarni yig‘ib kitob shakliga keltirgani g‘oyat savob ish bo‘lgan.

Darhaqiqat, biz tog‘lardan uzoqlashganimiz sari uning salobatini, mahobatini yanada tiyrakroq his etamiz. Ma’naviyatimizga, adabiyotimizga hissa qo‘shgan ziyolilarimiz haqidagi bu kitob ustoz Ozod Sharafiddinov yod etilayotgan shu kunlarda nashr etilgani ayni muddao bo‘ldi. Ishonamizki, bu kitob ustozning ma’naviy jasorati haqidagi tasavvurlarimizni yanada kengaytirishga, uyg‘oq qalb jasoratini anglab yetishimizga xizmat qiladi.

 

 

 

 

 

 

 

 


Zulfiya


Zulfiya


Zulfiya


ZULFIYA VA HAMID OLIMJON. 1944 YIL


HAMID OLIMJON ONASI KOMILA AYA BILAN 1944-YIL


Hamid Olimjon 1926 yil


ZULFIYAXONIMNING QAYNONASI KOMILA XOLA 1957 YIL


HAMID OLIMJON QIZI HULKAR BILAN 1938 YIL


ZULFIYAXONIM VA HAMID OLIMJON YASHAGAN UY


HAMID OLIMJON IJODXONASI


ZULFIYAXONIM FARZANDLARI HULKAR VA OMONBEK BILAN


O'QUVCHILAR HAMID OLIMJON QABRIGA GUL QO'YMOQDALAR


ZULFIYA VA OYDIN HOJIYEVA


ZULFIYA 1984-YIL


ZULFIXONIM HAMID OLIMJON, G'AFUR G'ULOM VA OYBEK BILAN. 1943 YIL


ZULFIYANING ILK KITOBLARI

 

HAMID OLIMJON QIZI HULKAR BILAN.
1938 YIL.

 

 


ZULFIYA QALAMKASH DO'STLARI DAVRASIDA 1959 YIL


ZULFIYA OSIYO VA AFRIKA YOZUVCHILAR KONFERENSIYASI QATNASHCHISI


ZULFIYA DOG'ISTONLIK SHOIR RASUL HAMZATOV BILAN


ZULFIYA BOSHQIRD SHOIRI MUSTAY KARIM BILAN


SHOIRA "SAODAT" JURNALI JAMOASI BILAN

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

1915-yil 1-mart. Toshkentning Degrez mahallasida hunarmand oilasida tug'iladi.

1931–34-yillar. Xotin-qizlar bilim yurtida o'qiydi. Adabiy to'garaklarda qatnashadi va she'rlar mashq qiladi.

1931-yil 17-iyul. Birinchi she'ri «Ishchi» gazetasida bosiladi.

1932-yil. Hamid Olimjon bilan uchrashadi.

1932-yil. «Hayot varaqalari» nomli birinchi she'rlar to'plami chop etiladi. Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika institutida o'qiydi.

1933–35-yillar. O'zbekiston Davlat nashriyotida ishlaydi.

1935–38-yillar. O'zbekiston Fanlar akademiyasi qoshidagi til-adabiyot instituti aspiranturasida o'qiydi.

1938-yil. Bolalar nashriyotida muharrir.

1939-yil. «Qizlar qo'shig'i» she'riy kitobi chiqadi.

1941-yil. O'zbekiston Davlat nashriyotida adabiyot bo'limi boshlig'i.

1943-yil. «Hulkar» kitobi, «Uni Farhod der edilar» poemasi nashr etildi.

1944-yil. «Hijron kunlarida» kitobi chiqadi.

1944-yil. Hamid Olimjon vafotiga atab «Kechir, qoldim g'aflatda», «Yulduz», «Ne balolarga etding mubtalo», «Sen qaydasan, yuragim», «Ko'rganmiding ko'zlarimda yosh», «Bahor keldi seni so'roqlab» she'rlarini yozadi.

1950–53-yillar. «O'zbekiston xotin-qizlari» jurnali bo'limi boshlig'i.

1950-yil. «Men tongni kuylayman» she'riy kitobi chiqadi.

1953-yil. «Dugonalar bilan suhbat» kitobi nashr etiladi. «Oydin» ocherki bosildi.

1954-yil. «Saodat» jurnalining bosh muharriri.

1958-yil. «Yuragimga yaqin kishilar» kitobi chiqadi. «Mushoira» she'ri, «Zaynab va Omon» operasi librettosi yozildi.

1965-yil. O'zbekiston xalq shoiri unvoni beriladi. «Kuylarim sizga» she'rlar to'plami, «O'ylar» adabiy maqolalari kitobi chop etiladi.

1967-yil. Neru xalqaro mukofoti laureati bo'ldi. «Quyoshli qalam» poemasini yozdi.

1970-yil. Nilufar nomli xalqaro mukofot laureati bo'ldi.

1972-yil. «Visol» she'rlar to'plami nashr etildi.

1972-yil. Bolgariya Xalq Respublikasining I-darajali Kirill va Mefodiy ordenini oldi.

1974-yil. 2 jildlik «Asarlar» to'plami chiqdi.

1975-yil. «Yillar, yillar» she'rlar kitobi chop etildi.

1976-yil. «Kamalak» she'rlar kitobi uchun Davlat mukofoti berildi. «Shalola» she'rlar kitobi chiqdi.

1984-yil. Mehnat Qahramoni unvoni berildi. Respublika Davlat mukofoti laureati boldi, Hamid Olimjonning «Semurg'» dostoni asosida pyesa-ertakyozdi.

1996-yil. 81 yoshida vafot etdi.

1915-yil 1-mart. Toshkentning Degrez mahallasida hunarmand oilasida tug'iladi.

1931–34-yillar. Xotin-qizlar bilim yurtida o'qiydi. Adabiy to'garaklarda qatnashadi va she'rlar mashq qiladi.

1931-yil 17-iyul. Birinchi she'ri «Ishchi» gazetasida bosiladi.

1932-yil. Hamid Olimjon bilan uchrashadi.

1932-yil. «Hayot varaqalari» nomli birinchi she'rlar to'plami chop etiladi. Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika institutida o'qiydi.

1933–35-yillar. O'zbekiston Davlat nashriyotida ishlaydi.

1935–38-yillar. O'zbekiston Fanlar akademiyasi qoshidagi til-adabiyot instituti aspiranturasida o'qiydi.

1938-yil. Bolalar nashriyotida muharrir.

1939-yil. «Qizlar qo'shig'i» she'riy kitobi chiqadi.

1941-yil. O'zbekiston Davlat nashriyotida adabiyot bo'limi boshlig'i.

1943-yil. «Hulkar» kitobi, «Uni Farhod der edilar» poemasi nashr etildi.

1944-yil. «Hijron kunlarida» kitobi chiqadi.

1944-yil. Hamid Olimjon vafotiga atab «Kechir, qoldim g'aflatda», «Yulduz», «Ne balolarga etding mubtalo», «Sen qaydasan, yuragim», «Ko'rganmiding ko'zlarimda yosh», «Bahor keldi seni so'roqlab» she'rlarini yozadi.

1950–53-yillar. «O'zbekiston xotin-qizlari» jurnali bo'limi boshlig'i.

1950-yil. «Men tongni kuylayman» she'riy kitobi chiqadi.

1953-yil. «Dugonalar bilan suhbat» kitobi nashr etiladi. «Oydin» ocherki bosildi.

1954-yil. «Saodat» jurnalining bosh muharriri.

1958-yil. «Yuragimga yaqin kishilar» kitobi chiqadi. «Mushoira» she'ri, «Zaynab va Omon» operasi librettosi yozildi.

1965-yil. O'zbekiston xalq shoiri unvoni beriladi. «Kuylarim sizga» she'rlar to'plami, «O'ylar» adabiy maqolalari kitobi chop etiladi.

1967-yil. Neru xalqaro mukofoti laureati bo'ldi. «Quyoshli qalam» poemasini yozdi.

1970-yil. Nilufar nomli xalqaro mukofot laureati bo'ldi.

1972-yil. «Visol» she'rlar to'plami nashr etildi.

1972-yil. Bolgariya Xalq Respublikasining I-darajali Kirill va Mefodiy ordenini oldi.

1974-yil. 2 jildlik «Asarlar» to'plami chiqdi.

1975-yil. «Yillar, yillar» she'rlar kitobi chop etildi.

1976-yil. «Kamalak» she'rlar kitobi uchun Davlat mukofoti berildi. «Shalola» she'rlar kitobi chiqdi.

1984-yil. Mehnat Qahramoni unvoni berildi. Respublika Davlat mukofoti laureati boldi, Hamid Olimjonning «Semurg'» dostoni asosida pyesa-ertakyozdi.

1996-yil. 81 yoshida vafot etdi.

O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi,
Rossiya Federatsiyasi ta’lim akademiyasining xorijiy a’zosi,
Filologiya fanlari doktori,
Professor Mazluma Asqarova

 

 

Nima deb yozayin sizga ustozim,

Har so’zim o’lchanur mezoningizda.

Koshkiydi munosib shogird bo’lolsam,

Siz charaqlab turgan osmoningizda.

 Ustozni inson ruhiyatining me’mori deyishadi. Darhaqiqat, ustoz shogird uchun dur-u bebaho, o’zining ilm nuridan bahra etadigan bebaho zotdir. Ana shunday ustozlarimizdan biri, atoqli olima, fan arbobi Mazlumaxonim Asqarovadir.

Mevali daraxt o’ziga ishongani uchun yonida nihol o’sib chiqsa, quvonadi,Ustozimni mevali daraxtga o’xshataman.Olima shu kunga qadar o’nga yaqin doktorlik va o’ttizdan ortiq nomzodlik dissertatsiyalariga rahbarlik qildi. Mazluma Asqarovaning shogirdlari hozirgi kunda Respublikamizning barcha oliy o’quv yurtlarida samarali mehnat qilmoqdalar.Ustoz ilmiy va ilmiy pedagogic kadrlar tayyorlash ishiga doim jiddiy e’tibor berib kelgan.

Mazluma Asqarovani til ilmining malikasi deyishadi. Ular o’zbek tili ilmini olamga yoyilishida katta hissa qo’shgan ulug’ tilshunosdir. E’tibor bering: Leningradda(1961), Bishkekda(1962), Moskvada(1964), Ufada(1966), Olmaotada(1963,!983) o’tkazilgan ilmiy anjumanlarda qilgan ma’ruzalari turkiy tillar sintaksisining muhim va munozarali masalalariga bag’ishlangan.Yuqoridagilardan ko’rinib turibdiki, opa faqat o’zbek tili sintaksisi muammolari masalasini o’rganish bilan cheklanib qolmagan.

Mazluma Asqarovani hayot yo’llariga nazar tashlaydigan bo’lsak, ular 1924 yilning noyabr oyida Toshkentda tug’ildi. Pushkin nomidagi 32-o’rta maktabda o’qidi. 1937 yilda Toshkent shahar 1- pedagogika bilim yurtiga, 1940 yilda Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika institutining o’zbek tili va adabiyoti fakultetiga qabul qilindi. O’qish yillari II jahon urushi yillari davriga to’g’ri kelib, Mazluma Asqarova shu institutning tayyorlov bo’limlarida, Narimonov nomidagi 15- o’rta maktabda o’zbek tili va adabiyoti fanlaridan dars berdi. U 1944 yilda pedagogika institutini imtiyozli diplom bilan tugatib, o’zbek tilshunosligi bo’yicha aspiranturaga qabul qilindi.Tahsil tugagach, M. Asqarova 1948 yildan Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika institutining O’zbek tilshunosligi kafedrasida o’qituvchi bo’lib ishlay boshladi.

Bo’lajak olima 1951 yilda nomzodlik dissertatsiyasini, 1963 yilda esa doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.Professor Mazluma Asqarova 1964 yildan hozirgacha Ozbek tilshunosligi kafedrasini boshqarib kelmoqda.

Mazluma Asqarovaning 1968 yildan keyingi faoliyati ancha samarali bo’ldi.Uning ishtirokida oily va o’rta ta’lim tizimi uchun yaratilgan darslik,dastur va metodik qo’llanmalarning aksariyati shu davrda yozilgan.Olima muallifligi yoki hammuallifligida yaratilgan «O’zbek tili» darsligi 1968 yildan hozirga qadar ta’limning barcha bosqichlarida foydalanib kelinmoqda. Ayniqsa opa yaratgan «O’zbek tili»darsligi (4-sinf uchun), «O’zbek tili»(7-8- sinflar uchun), «Ozbek tili» pedagogika bilim yurtlari uchun darsliklari har taraflama mukammalligi, didaktika talablarga javob berishi bilan ajralib turardi.

Professor Mazluma Asqarovaning ilmiy faoliyatida qo’shma gap sintaksisini, ayniqsa ergashgan qo’shma gap muammolarini tadqiq etish alohida o’rin tutadi. Olima bu sohada yarim asrdan buyon ilmiy izlanishlar olib bormoqda va bir qator monografiya, risola hamda ilmiy maqolalar yaratdi. «Bog’lovchisiz bog’langan qo’shma gaplar» (1955), «Sabab va maqsad ergash gapli qo’shma gaplar» (1957), «Aniqlovchi ergash gaplar» (1959), «Hozirgi zamon o’zbek tilida qo’shma gaplar» (1960), «Ergashgan qo’shma gaplarning sintaktik sinonimiyasi» (1963), «Hozirgi o’zbek tilida ergashish formalari va ergash gaplar» (1966), «Qo’shma gapning ko’chirma gap turi haqida» (1981) kabi ilmiy asarlari ana shu zahmatlarning mahsuli sifatida yuzaga keldi.

Professor Mazluma Asqarovaning dunyo turkologiyasiga qo’shgan hissasini atoqli olimlar e’tirof etishgan. Jumladan, E.I. Ubryatova (Moskva) «M.A. Asqarova dunyo turkologiyasining oltin fondidan o’rin oladigan tadqiqot yaratgan» ,- degan edi. «Hozirgi o’zbek tilida ergashish formalari va ergash gaplar» (1966) monografiyasining AQSh dagi Garvard Universiteti kutubxonasida saqlanayotganligi, shetsiyalik, turkiyalik va yaponiyalik qator turkshunos- tilshunoslarning M.Asqarova ijodiga qiziqish bilan qarab kelayotganligi ham professor E.I.Ubryatovaning o’zbek olimasi faoliyatini juda to’g’ri baholaganlidan guvohlik beradi.

Opaning darslari bo’ladigan kunlar biz, talabalar uchun katta bayramdek. Gap faqat ma’ruzalarning qiziqarli o’qilishi, mazmunan muhimligidagina emas, ustozning ajoyib insonligi, odamlarni onangrabodek o’z ta’sir doirasiga tortish qobiliyatida, uning doim kulib turuvchi ko’zlarida, hozirjavobligida, zukkoligidadir.

Professor Mazluma Asqarovaning xizmatlari Hukumatimiz tomonidan munosib taqdirlangan.Ular O’zbekiston Oliy Soveti Prezidiumining(1965, 1985), O’zbekiston Xalq maorifi Vazirligining(1972, 1974, 1975, 1984) Faxriy yorliqlari bilan mukofotlangan. Shuningdek, M. Asqarova O’zbekiston Xalq maorifi a’lochisi nishoni(1974), «Hurmat belgisi» ordeni (1978), «Mustaqillik esdalik nishoni»(1992) hamda «Shuhrat»(1994) medali bilan taqdirlangan.

Bugungi kunda zahmatkash olima M.Asqarova talabalarga yuksak darajada ma’ruzalar o’qish bilan birga, magistr,aspirant va doktorantlarga ilmiy rahnamolik ham qilib kelmoqda,yangi darsliklar hamda qo’llanmalar yaratish ustida ishlamoqda.

Fan sohasidagi bunday beqiyos yutuqlar, el orasidagi ,olimlar safidagi bunday ulkan obro’-e’tibor sababini o’ylaganda, men buni Mazluma opaning mehnatsevarligidan, ularning tabiatiga singib ketgan zahmatkashligidan topdim. Ustozim bir hafta, bir kungina emas, bir soat ham o’z fanlarisiz yashamaydilar. Ular har bir so’z, gapni tahlil qilib mushohada yuritadilar.Mazluma opa ona tilim deb, talabam – shogirdim deb yashaydigan fidokor insondirlar, ana shuni ular baxt deb biladilar.

Bu kun ustozimizga:

Baxtingiz boqiy bo’lsin. Umringizga, sog’lig’ingizga, ijodingizga baraka tilaymiz, mo’tabar ustozimiz Mazluma opa, - deymiz.

 

 

 

 

 

 

O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING

FARMONI

1999 yil 10 iyun № PF-2326

Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini ta’sis etish bo’yicha takliflarni qo’llab-quvvatlash to’g’risida

Ayolni muqaddas bilish, unga alohida ehtirom ko’rsatish, ozod va obod yurtimiz kelajagi bo’lgan har tomonlama yetuk yoshlarni tarbiyalashdagi beqiyos o’rnini yana bir bor e’tirof etish, barkamol, oqila xotin-qizlar avlodini voyaga yetkazish, ular orasidagi iqtidorli yoshlarning adabiyot, san’at, fan va madaniyatni rivojlantirishdagi yutuqlari, tengdoshlarning milliy istiqlol g’oyalari va madaniy-ma’naviy qadriyatlarga e’tiqodning yuksalish yo’lidagi ibratli faoliyati, keng ko’lamli islohatlarni jadallashtirishdagi faol ishtirokini rag’batlantirish maqsadida:

1. O'zbekiston Xotin-qizlar qo’mitasi, Fanlar akademiyasi,”Ma’naviyat va ma”rifat”jamoatchilik markazi, Yozuvchilar, Bastakorlar, Me’morlar uyushmalari, “Oltin meros”, “Kamolot”, “Umid”, “Ulug’bek”, “Navro’z” jamg’armalari va keng jamoatchilikning Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini ta’sis etish bo’yicha takliflari ma’qullansin.

Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini Qoraqalpog’iston respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri vakilalariga bittadan har yili Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida berish maqsadga muvofiq deb topilsin.

2. Belgilab qo’yisinki:

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti maktab, litsey, kollej va oily o’quv yurtlarida a’lo xulqi, zukkoligi, donoligi, tashabbuskorligi, o’qishdagi muvaffaqiyatlari bilan alohida iste’dodini namoyon qilib ta’lim olayotgan, istiqlol g’oyalarini amalgam oshirish yo’lida astoydil mehnat qilayotgan iqtidorli qizlarga adabiyot, madaniyat, san’at, fan, ta’lim sohalaridagi alohida yutuqlari uchun beriladi;

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti eng kam oylik ish haqining 50 baravari miqdorida tayinlanadi;

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalari bo’lgan maktab, litsey, kollej o’quvchilari tanlagan yo’nalishlari bo’yicha oily o’quv yurtlariga kirish imtihonlarisiz qabul qilinadilar.

3. Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining O’zbekiston xotin-qizlar qo’mitasi tomonidan Fanlar akademiyasi, Badiiy akademiya, “Ma’naviyat va ma’rifat” jamoatchilik markazi va boshqa tegishli jamoat tashkilotlari bilan birgalikda ishlab chiqilgan ko’krak nishoni hamda diplomi tasdiqlansin.

4. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti to’g’risidagi Nizom 1-ilovaga, mukofot kommisiyasi to’g;risidagi Nizom 2-ilovaga va komissiya tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti kommisiyasi O’zbekiston Xotin-qizlar qo’mitasi qoshida jamoatchilik asosida faoliyat ko’rsatishi hamda unga qo’mita raisi rahbarlik qilishi belgilab qo’yilsin.

6. O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mazkur davlat mukofotini berish, ko’krak nishoni va diplomini tayyorlash uchun O’zbekiston xotin-qizlar qo’mitasiga davlat byudjetidan tegishli mablag’ ajratsin.

7. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti mukofot kommisiyasi keng jamoatchilik fikrini atroflicha o’rganib, talabgorlar faoliyatini har tomonlama muhokama qilib chiqargan xulosalari asosida Vazirlar mahkamasining qarori bilan berilishi belgilab qo’yilsin.

8. Mazkur Farmonning bajarilishini nazorat qilish O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirning o’rinbosari D. G’ulomova zimmasiga yuklansin.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov

 

Toshkentdagi Degrez va O'qchi mahallalarini temirchi ustalarining beshigi deyish mumkin. Qariyb yuz yildan beri bu yerda po'lat quyib, cho'yan eritib, turli xo'jalik asboblarini yasaganlar. Tunuka surnaydan tortib, qo'rg'oshin to'pponchagacha, qilich-qalqondan tortib, qozon va omochgacha-hamma narsa shu yerda tayyorlangan.

Ana Shu mahallada yashovchi Muslim degrezni butun Toshkent ahli bilar va hurmat qilar edi. Muslim degrezning hovlisida katta doshqozon bo'lib, unda har ikki haftada po'lat yo cho'yan eritilar, ular turli shakllarga quyilar, so'ng qozon yo omoch shakilini olib, boshqa xonadonga kirib borar edi. Po'lat va cho'yan eritiladigan kun xuddi bayramdagidek quvonchli o'tardi.

Shunday kunlarda Muslim degrezning yonida uning besh nafar o'g'li ham turardi. Uning farzandlari ham ota kasbini egallagan, degrezlik hunariga astoydil ixlos qo'ygan kishilar edi.

Muslim degrezning beshta farzandidan biri Isroil degrez edi.

Isroil degrez yetti farzand ko'rdi va o'z farzandlarining eng kenjasini Zulfiya deb atadi.

Zulfiyaning bolalik chog'lari ana shu ish muhitida, po'lat tafti anqigan xonadonda kechdi. Uning nazdida otasi shunday mohir degrez ediki, u hatto po'latdan qo'g'irchoq quyishi ham mumkindek tuyulardi. U doshqozon atrofida bezovta yurgan otasining ortidan ergashib, «Dada, menga qo'g'irchoq yasab bering!» deb iltimos qilardi. Ozg'ingina, qorachadan kelgan, chayir tanli otasi erigan po'latning uchqunlarini sachratib, turli asbob – anjomlar yasar ekan, xalq ertaklaridagi pahlavonlaridek tuyulardi unga.

Har bir kasb-hunar kishilarining o'ziga xos fe'l-atvori bor. Degrezlar odatda kamgap, temir irodali,chayir kishilar bo'ladilar. Isroil degrezda bu fazilatlardan boshqa qator sifatlar ham bor edi. U o'z hunariga astoydil berilgan, mehri daryo, tiyrak nigohli, ilg'or qarashli kishi edi. U farzandlarini halol, mehnatsevar, xalq manfaati bilan yashaydigan kishilar qilib tarbiyaladi. Katta o'g'li Ismoil Moskvada, Sharq xalqlari universitetida tahsil olgach, mas'ul lavozimlarda ishladi. Qodir ham tashkilotchilardan biri bo'ldi. U pensiyaga chiqqunga qadar ota kasbini davom ettirib zavodda-quyuv sexida ishladi. Normat Isroilov esa 30-yillarning yirik davlat arbobi edi.

Zulfiya ota-onasi va akalaridan dastlabki hayot saboqlarini oldi.

Qish oqshomlarida butun oila sandal atrofida to'planar, Xadicha xola esa she'rlar o'qir edi. U qanchadan-qancha she'rlarni yod bilar, ularni ajib bir qiroat va hayajon bilan o'qirdi. «Men Navoiy, Bedil, Fuzuliy she'rlarini birinchi marta undan eshitgan edim, - der edilar Zulfiya opa. - Men onam tufayli ularning ko'pgina satrlarini hanuzgacha bilaman. Onam Fuzuliyning «Layli va Majnun» dostonini ayniqsa sevar edi. Bu muhabbat onamdan menga meros bo'lib o'tgan.

Lekin shunga aminmanki, mo'jizalar yaratishga qodir, jahonni ko'zga keng ochuvchi, insonni go'zallik sari yetaklovchi so'zga shaydolik hissini mening qalbimda ostona hatlab ko'chaga chiqmagan oddiy ayol-onam uyg'otgan...

Otam uchun ishning katta kichigi yo'q edi. Qudratli oltin qo'llar va saxiy qalbga ega edi u. Men hali-hanuzgacha otamday bo'lishni orzu qilaman, ammo, na iloj, inson qalbiga kira bilish temirga ishlov berishdan mashaqqatliroq; yurakni chaqmoq kabi alanga oldirishga har kim ham muyassar bo'lavermas ekan». (А.Акбаров. Изд. литературы и искусства им. Г.Гуляма. 1975. 20 стр.)

Ko'p o'tmay, Zulfiya bilim yurtini tugatib, 1935 yilda O'zbekiston Fanlar komiteti qoshidagi Til va adabiyot institutining aspiranturasiga o'qishga kirdi. Bu yerda u o'zining nazariy bilimlarini oshirdi. Shu yillarda Til va adabiyot institutida Hamid Olimjon ham xizmat qilar edi. U Zulfiya bilan uchrashgan kezlarida uning ijodi bilan qiziqar, unga turli maslahatlar berar edi. Har bir uchrashuv ularni tobora yaqinlashtirar va bir-birlarining qalbiga muhabbat urug'larini socha boshlar edi.

1935 yil ular hayotiga baxtli sana sifatida kirib keldi. Xuddi shu yilning 23 iyulida taqdir ikki shoirning hayot rishtasini butun umrga bir-biri bilan uladi. Bu davrda Hamid Olimjon 26 yashar qirchillama yigit bo'lib, beshta she'rlar va hikoyalar kitobining muallifi, taniqli shoir, tirishqoq olim, yosh shoirlar uchun esa ustoz sifatida ham el og'ziga tushgan edi. U Zulfiya uchun turmush o'rtog'i va do'stgina emas, balki uning ijodiy taqdirida mislsiz ahamiyatga molik bo'lgan siymo ham bo'lib qoldi.

1936 yil. Tashqarida qalin qor oq gilam to'shagan. Hamid Olimjonning bolaligi tutib, Zulfiyani ko'chaga, chana uchishga taklif qildi. Chananing yo'qligi shoir ra'yini qaytarolmadi. U paltosining barini Zulfiyaga tutqazib, oppoq ko'cha bo'ylab qiyqirib, xandon urib, uni tortdi.

Zulfiyaxonim shoir bilan birga kechgan ana shu baxtli yillarda har qanday iste'dod doimiy mehnat tufayli charxlanishi, haqiqiy san'atkor buyuk mehnat intizomiga ega bo'lishi lozimligini ko'rdi. Hamid Olimjon har qanday sharoitda ham soat 6 dan 11 ga qadar uyda ijod bilan shug'ullanar, so'ng hali siyohi qurimagan asarini ovoz chiqarib o'qir va uning qanday jaranglashini tekshirib ko'rar edi.

Zulfiya o'zining har bir she'rini uning nazaridan o'tkazar, ammo Hamid Olimjon bu she'rlarga qalam urmas, balki ulardagi kuchli va kuchsiz satrlarni ko'rsatar, tushuntirar edi.Ulkan shoir, nodir insoniy fazilatlar sohibi Hamid Olimjon Zulfiyaga hamma narsada o'rnak bo'ldi. U ajoyib shoirdan fikrlashni, mehnat qilishni va she'r yozishni ham, do'stlarga mehribon, dushmanga shafqatsiz bo'lishni ham o'rgandi, uning ijodiy maktabida ta'lim oldi. Hamid Olimjon shu ma'noda Zulfiyaning qalbiga uyg'un hamrohi va sezgir maslahatchisi bo'ldi.

Barcha baxtiyor kishilar bir-birlariga o'xshaydilar. Baxtiyor inson dilnavoz oshiq yoki ma'shuqaga o'z qalbining billur tuyg'ularini nisor etadi. Zulfiya ham, Hamid Olimjon ham o'sha charag'on yillarda qalb qo'rini, mehr-muhabbat taftini bir-birlaridan sira ayamadilar.

Bu, ikki shoirning o'zaro hurmat va muhabbatga asoslangan ittifoqi edi.

Bu davrda Zulfiya ijodi bahor chog'laridagi qorli cho'qqilardan endigini paydo bo'layotgan kichik bir jilg'a edi. Kunlar, oylar, yillar o'tib, bu jilg'aning ulkan bir daryoga aylanishi muqarrar edi.

Yakshanba Hamid Olimjon va uning oilasi uchun chin ma'noda hordiq va istirohat kuni edi. Shu kuni shoir qo'liga qalam olmas, ayollar og'ir ro'zg'or ishlari bilan mashg'ul bo'lmas edilar. Odatda, u barvaqt turib, Zulfiya bilan birga bozorga borar, ro'zg'or uchun kerakli mahsulotlarni obdon tanlab, xarid qilar edi. So'ngra ko'chaga chiqib, birinchi kelgan tramvayga o'tirar, shahar tashqarisiga chiqib olardi. Bunday hamidona sayillar Zulfiyaxonimsiz o'tmas edi.

Hamid Olimjon bilan Zulfiyaning «tabiat quchog'iga» qilgan ana shunday sayyohatlaridan biri 1936 yil bahoridagi lola sayli edi. Oradan bir yil o'tgach. Hamid Olimjon o'sha sayil soniyalarini eslab, o'zining latif sherlaridan birini yozgan edi:

Eng gullagan yoshlik chog'imda,

Sen ochilding ko'ngil bog'imda.

Shunda ko'rdi ko'zim bahorni,

Shunda qalbim tanidi yorni.

Qushlar sayrar jonimga payvast,

Men sevgining bo'yi bilan mast,

Kuni bilan dalada qoldim,

Lolazorlar ichra yoqoldim.

Quchoq-quchoq gullar terganim

Va keltirib senga berganim

Kechagiday hamon esimda

Har soniya, har on esimda.

Shundan beri tilimda oting,

Shundan beri dilimda oting.

Eng gullagan yoshlik chog'imda

Sen ochilding ko'ngil bog'imda.

Hamid Olimjon 1936 yilning kuzida Qora dengiz bo'ylarida hordiq chiqaradi. Bu uning to'ydan keyingi Zulfiyasiz o'tgan birinchi safari edi. Shuning uchun ham u serquyosh o'lkada hali tugilmagan farzandi bilan qolgan sevimli yorini tez-tez eslaydi, sog'inadi, unga bag'ishlab she'rlar yozadi.

Suyukli kishi bilan birinchi marta hamnafas bo'la olmagan Zulfiya esa g'aroyib voqealarni tush ko'radi. Uning tushida Hamid Olimjon o'z ahdidan voz kechib, boshqa bir yorni topgan, undan yuz o'girgan bo'ladi.

Zulfiyaning ana shu tushi tavsif etilgan maktubiga javoban shoir «Xayoling-la o'tadi tunlar» she'rini yozadi:

 

 

Bu bir uyqu, behuda bir tush,

Axir bu bir aldoqchi go'yo.

Mumkinmidir sening sevganing

O'z ahdidan qaytganmish go'yo?!

Shu rost esa o'tga tushsin jon,

Yomg'irdayin boshga tushsin g'am.

Yashaganim dunyoda yolg'on,

Qasam ichdim: emasman odam.

Hamid Olimjonning bu so'zlari shoir qalbining teran qatlamlaridan otilib chiqqan edi. Chindan ham u Qora dengiz bo'ylarida sevimli yor xayoli bilan yashadi.

Xayolimda bo'lding uzun kun,

Seni izlab qirg'oqqa bordim.

Och to'lqinlar pishqirgan tunda

Topib ber deb oyga yolvordim...

Shoirning o'sha kezlarda yozgan she'rlarida ana shu ohang, ana shu qo'msash tuyg'usi jaranglab turadi.

Hamid Olimjon yolg'iz yorninggina emas, balki hali tug'ilmagan farzandining ishqi bilan ham yashaydi. U tushida toychoqdek shirin o'g'ilning otasi bo'ladi. Uning jigarporasi pishqirib otilayotgan to'lqinlar ustida qanotli toychoqdek parvoz qilib uning ko'zidan g'oyib bo'ladi. Shoir uning izidan qanchalik yugurmasin va och to'lqinlar orasiga kirib bormasin, u tutqich bermaydi.

Ana Shu g'aroyib tush ta'sirida Hamid Olimjon hali tug'ilmagan o'g'ilga bag'ishlangan she'rini yozadi.

Dengiz notinch edi va shu choq

Parvozingni to'lqinda ko'rdim.

Ko'zlar yondi, o'ynadi yurak.

Va izingdan, o'g'il yugurdim.

Ey, g'unchasin ochmagan bahor, -

Salom, o'g'il, sevimli farzand...

Seni kutar ota intizor,

Dunyo-dunyo sevgiga payvand...

Shoir Hamid Olimjon intizor bo'lib kutgan farzand 1937 yilning 19 yanvarida dunyoga keldi. Unga Hulkar deb ism berdilar...

1939 yillarda Hamid Olimjon qaynoq ish muhitida yashadi. Na ishda, na uyda uning tinimi bo'ldi. U shiddatli ish soatlaridan keyin uyga kelib ham o'sha ish iqlimidan, ish kayfiyatidan chiqa olmadi. U nimalarnidir o'ylar, muhokama etar va ertangi kunga rejalar tuzardi. Bunday paytlarda u churq etmay, xayolan qandaydir chigal muammolarni yechayotgandek bo'lardi.

Shunday kechalarning birida Zulfiya Hamid Olimjondan o'pkalangandek: «Hadeb jim o'tiraverasizmi? Gapirsangiz-chi biror narsani!» deya so'z qotdi. Bu so'z Hamid Olimjonga shunday ta'sir qildiki, u qanday javob berishni bilmay taraddudlanib qoldi.

O'sha kuni kechasi uning ish stolida quyidagi misralar paydo bo'ldi:

«O'ltirasan nega doim jim?»

Deya yana boshlading hujum.

Bilgilki, jim o'ltirganimda

Otash paydo bo'lar tanimda,

Hamsuhbatim bo'lganda xayol

Jim qolaman, gap kelur malol...

1939 yil 24 avgustda Hamid Olimjon va Zulfiyaxonimlarning ikkinchi farzandlari – Omonbek dunyoga keldi...

1944 yil. Ayni saraton kunlari. Harorat benihoya baland. Havo dim. Bunday kezlarda Toshkeht qizib turgan tandirdek olov bilan nafas oladi. Shuning uchun ham bir guruh adiblar 1 iyul kuni Do'rmondagi bog'ga dam olgani chiqishdi.

Tong otib, 2 iyul kuni boshlandi. Bu har safargidek fayzli va charag'on tong edi. Nonushtadan keyin do'stlar bog'ni aylanib, sayr qilishdi. Picha dam olgach, ariqda yosh bolalardek qiyqirib cho'milishdi. Keyin Hamid Olimjon yo'l taraddudiga tushib qoldi. U sheriklarining suvdan chiqishini hohlamaganliklariga qaramay: «Qani, yetar chiqinglar», deb turib oldi.

- Bog'ning ayni gasht qiladigan fursati yaqinlashyapti - kechki salqin tushayapti. Shoshib nima qildik. Ertaga erta bilan ketamiz, - deyishdi sheriklari.

- Bo'lmasa sizlar qolavering. Men ketaman. Bugun, albatta, qaytaman, degandim. Bormasam, xavotir olishadi - Hamid Olimjon o'z so'zida qat'iy turdi.

Hamid Olimjon oilasi usiz dasturxon atrofiga o'tirmas edi. U qayerda bo'lmasin, va'da bergan bo'lsa, oila uni sabrsizlik bilan kutar vau, albatta, uyiga aytgan vaqtida yetib borar edi.

Hamid Olimjonning ra'yini qaytarmay, uning sheriklari ham yo'lga otlandilar. Biroq undagi yo'lovchilar manzillariga eson-omon yetib borolmadilar. Ular ketayotgan mashina halokatga uchradi. 3-iyul kuni Hamid Olimjon vafot etdi.

Bundan atigi 11 oy muqaddam, 1943 yilning 4-avgustida Hamid Olimjon kenja farzandi Omonbekning tug'ilgan kunida shunday degan edi:

- Aziz do'stlar! Men to'rt yoshga to'lganimda, otamdan judo bo'lgan edim. Men uning mehr - muhabbatiga to'ymay o'sdim. Mana, bugun mening o'g'lim ham to'rt yoshga kirdi. Uning otasi va onasi bor. Ota va ona bag'rida o'sish esa farzand uchun katta baxt. Men farzandlarimizning uzoq vaqt davomida ana shunday baxtli bo'lishlari uchun qadah ko'taraman!

Taassufki, taqdir taqazosi bilan Omon ham hali besh yoshga to'lmay turib, otasiz qoldi. 1944-yilning 3-iyul kuni – orziqib kutgan baxtli kunlarni kutmay o'zbek xalqining buyuk farzandi, atoqli shoir, olim, davlat va jamiyat arbobi Hamid Olimjon olamdan o'tdi.

Zulfiyaxonim Hamid Olimjonning ushalmay qolgan orzularini amalga oshirish uchun, qilolmay qilgan ishlarini nihoyasiga yetkazish uchun kuyib-yonib yashadi. Hamid Olimjon jisman bo'lmasa-da, ruhan Zulfiyaxonim bilan birga uning she'rlarida hamnafas yashadi.

Zulfiyaxonim Hamid Olimjon boshlab bergan baxt qo'shig'ini kuylashni nihoyasiga yetkazdi. Uning bu ishlari bugungi kunda biz uchun ibratlidir (Naim Karimovning «Hamid Olimjon» kitobidan foydalanildi).

Koinotning quyoshi bor, tabiatning bahori bor, ayolning sehrli iffati va go'dakning dunyoga teng tabassumi bor,uzukning ham yuksak ezgulik va go'zallik ramzi bo'lgan ko'zi bor,badiiyatimizda esa Siz bor...

Adabiyotshunos olim Vohid Zohidov

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

ZULFIYAXONIMGA QALAMKASH DO’STLARI TOMONIDAN

Umrlarcha davom etsin

Vatan ufqida parvozing,

Zamon aksi sadosidek

jaranglab tursin ovozing.

Shoir G’afur G'ulom

 

 

Shoira Zulfiyaning adabiyot olamimizdagi

ovozini birinchi eshitganimda,birinchi she'rlarini

o'qiganimda ilhomoning tozaligi, hislarining

nafisligi, she'rlarining samimiyligidan suyungan edim...

Yozuvchi Oybek

 

 

Zamondoshim, uzoq ijod yo'lida hamfikr va

hamkasbimiz Zulfiya haqida o'ylasam shunday

fikr yodimdan kechadi. Zulfiyaning oddiy temirchi

qizidan qahramon shoira darajasigacha bosib

o'tgan yo'li - bu Sharq xotin-qizi, o'zbek ayolining

shonli yo'lidir...

Yozuvchi va dramaturg Komil Yashin

 

 

Zulfiyaning she'rlarini ona tilim - boshqird tiliga

o'girarkanman, ulardan olgan zavq meni lol qoldirgan.

Boshqirdistonlik shoir Mustay Karim

 

 

Agar Zulfiya Armanistonda tug'ilganda - Silva,

Leningradda tug'ilganda - Bergols, Bolgariyada

Bagryana, Yugoslaviyada tug'ilganda ham Desanka

Maksimovichdek mashhur shoira bo'la olar edi...

Dog’istonlik shoir Rasul Hamzatov

 

 

Men shoira poeziyasida dilbarlik, donolik, bu ulkan

madaniyatning qo'lga kiritgan ulkan yutug'i ekanligini

ham ta'kidlamoqchiman...

Qirg’iz xalq yozuvchisi Chingiz Aytmatov

 

 

Sizning misralaringizni kuychi bulbullarimiz shunday

kuylaydiki, ularni Moskvada turib ham eshitish mumkin.

Sizning ovozingiz hamisha tetik...

Davlat arbobi Nikolay Tixonov

 

 

...Zulfiyaning g'ururi, sururi, butun iztirobi, dardlari,

kuyunchi, suyunchi, osuda xayollari, dolg'ali tuyg'ulari

balqib yotgan betakror ijodiyoti xalqimiz mehnati,

hayoti, kelajagining ajralmas bir parchasi. Uning bedorligi,

beoromligi, ilhomi, hijroni, o'chmas muhabbati -

o'z xalqining yuragiga, tomir urishiga hamohang.

Shoira Oydin Hojiyeva

 

 

Adabiy davralarda Zulfiya opaga juda katta mehr

bilan boqib, u kishini "she'riyatimiz malikasi" deb

atab keladilar...

O’zbekiston qahramoni, shoir Abdulla Oripov

 

 

Zulfiya singari siymolar xalqning baxti bo'lib yaraladilar.

Bu baxt, avvalo, o'zbekniki, O'zbekistonniki, mamlakatniki,

so'ngra esa dunyoniki...

O’zbekiston qahramoni, shoir Erkin Vohidov

 

 

"Bahor egachisi"

Qayda bersa yangilikjilva,

Qayda gurlab tursa qizg'in ish,

Qayda qo'shiq kuylasa jilg'a, -

O'sh yerda u uchar emish

Va yoshligin u quchar emish.

Zulfiyamni senga, oltin kuz,

Men bermayman umidingni uz.

 

Rus shoiri, tarjimon, noshir Semyon Lipkin

"Hofiz bir paytlar aytganidek, poeziyada fikr va tuyg'u bir-biri bilan topishgan nikohdagina farzand tug'iladi. Menimcha, sizning yangi she'rlaringizda fikr va tuyg'ularning ana shunday ittifoqi mavjud. Shuning uchun ham bu she'rlar samaradordir".

 

G'azal mulkining sultoni Alisher Navoiy o'z sevgilisi

Guliga she'riyatda besh bebaho haykal qo'ydi. Bu haykal

go'zallik ma'budasiday asrdan asrga o'tib, sevib o'qilmoqda.

Zulfiyabegim yaratgan she'riyat haykali ham abadiydir.

Shoira E'tibor Ohunova

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Ozod Sharafidinnov

Umr o’tib bormoqda. Umr o’tgan sari odam bosgan yo’llarini, boshdan kechirgan yillarini tez-tez eslab turar ekan. Inson bosib o’tgan yillar va yo’llar - nimadir ular? Masofami, vaqtmi yo boshqa narsami? Menimcha, ular umring davomida senga ro’para kelgan, hayotingda iz qoldirgan odamlar-do’stlar, qarindoshlar, ustozlar, safdoshlar. Afsuski, ulardan ancha-munchalari allaqachon shoir Shayxzoda ta’biri bilan aytganda, «hechiston» mamlakatiga rixlat qilishgan, lekin ularning ruh poklari tirik, bot-bot huzurimga kelib turishadi, gurunglashamiz, dardlashamiz, maslahatlar quramiz. Vaqt o’tgan sari ularning o’rni bilinadi, ko’plarining siymosi tiniqlashadi, yuzlari, ko’zlaridagi nur o’tkirlashadi. Bunday eslashlar, bunday xotirotlar hamisha kishiga ruh beradi, bardam qiladi, mamnuniyat bag’ishlaydi. Hayot yo’llarimda shunday ulug’ zotlarga ro’para kelgan ekanman, ular bilan hamsuhbat, hamfikr, hamdard bo’lgan ekanman, demak umrim unchalik ham behuda o’tmapti.

Bugun tongda Zulfiya opani esladim.Naqadar olijanob,naqadar nuroniy ayol edilar.O’ylab qarasam,Zulfiya opa o’zining she’rlari bilan,iboli va hayoli fe’l-atvori bilan,pokiza e’tiqodlari-yu,zukko fikrlari bilan mening hayotimda katta o’rin olgan, ma’naviy dunyomning katta bir qismini tashkil qilgan inson bo’lgan ekan,U kishi shunday ulug’ sifat ayol edilarki, har gal ro’para kelganimda darrov hushyor tortar, kiyim-kechaklarimni to’g’rilar,qadalmay qolgan tugmalarimni qadar,sochlarimni(ha-ha sochlarimni-bir zamonlar bu taqir bosh ustida qopqora qalam sochlar bo’lar edi)tekislab olardim-xullas ukishining ko’ziga har jihatdan orasta bo’lib ko’rinishga tirishardim. Men Zulfiyaning nomini urush yillaridayoq eshitgan,uning «Hijron» degan she’riy to’plamini, «Uni Farhod der edilar» degan dostonini yod olib, ko’p joylarda o’qib yurardim.Yaqinroqdan tanishish keyinroq nasib qildi.

1962 yilda Qozoqistonda o’zbek adabiyoti dekadasi bo’ldi.Dekadaga men ham bordim.Samolyotda Zulfiya opa bilan yonma-yon o’tirib qoldik.Har xil mavzularda gurunglashib,yo’lning tanobini tortib bordik.Gap orasida Zulfiya opa yarim hazil, yarim chin ma’nosida birdan so’rab qoldilar:

- Ozodjon,nega siz mening she’rlarim to’g’risida hech narsa yozmaysiz? Yoki yoqmaydimi?

Men duduqlanib nimalardir deb javob berdim, lekin o’ylanib qoldim-darvoqe, nima uchun shu paytga qadar Zyulfiya opa haqida hech narsa yozmadim? Yaxshi ijodni payqasang, quvonib targ’ib qilmasang, sening tanqidchiliging qayoqqa boradi? Shoshma, sen Zulfiya she’rlarini o’qigansan, albatta, lekin ularni uqqanmisan, bu she’rlar orqali shoirning qanday inson ekanligini bilib olganmisan? Ochig’ini aytganda o’sha dekada men uchun Zulfiyani ham kashf qilish dekadasi bo’ldi.

Aeroportga qo’nishimiz bilan qozoq do’stlarimiz bizni quchoq ochib kutib olishdi-allaqachon Sobit muqonov G’afur G’ulomni quchoqlab olib,unga nimalarnidir uqtiryapti.G’afur aka chust do’ppisini yarimta kiyib olib,Sobit og’aga sof qozoq tilida bir narsalar deyapti. Sochlari oppoq oqargan,novcha bo’yliAbdilda Tojiboyev hassasini sermab, Mirtemirning tevaragida girdikapalak. Tavba, men qozoq va o’zbek yozuvchilarining inoqligi, ijodiy hamkorligi to’g;risida ko’p eshitgan edim-u,bunaqa samimiyatni, bunaqa yaqinlikni kutmagan edim.

Men mashinaga Zulfiya opa bilan birga o’tirdim.Bizga Tursunxon Abdurahmonova degan qozoq shoirasi hamroh bo’ldi.Tursunxon bu yil sakson yoshga to’lar ekan.Umri uzoq bo’lsin,yuzga kirsin.Lekin men shoiraning saksonga kirganini hech tasavvur qilolmayman. U ochiq chehrali, xushsuvrat, o’ta dilbar bir ayol sifatida esda qolgandi. Zulfiya opani bilar ekan,bir zumda quvnoq gurung boshlandi.Tursunxon yaxshi she’rlar yozish bilan birga judachiroyli qo’shiqlar ham aytar ekan. Manzilga yetib borgunimizcha, uch-to’rtta ajoyib o’lanni qoralab tashladi.

Qozoqiston diyorida ko’p uchrashuvlar bo’ldi,har uchrashuvda Zulfiyaning nomi alohida tilga olinar,undan she’r o’qib berishini talab qilishardi.Qozoqlarning bizning shoiramizga muhabbati shu qadar cho’ng ekanki,bir-ikki joyda u favqulodda o’ziga xos tarzda namoyon bo’ldi.Safar davomida biz ko’kchatovga bordik.Benihoya go’zal maskan ekan.Chiroyli qarag’ayzorlar tevarak-atrofga muattar hidlar taratadi.Yengil tuman ichida elas-elas ko’rinayotgan tog’lar havoda muallaq turganga o’xshaydi.Lekin Ko’kchatovning dovrug’i tog’lari-yu, o’rmonlarida emas, ko’llarida ekan. Bir viloyatning o’zidakatta-kichk saksonta ko’l. Suvlari tiniq,bamisoli ko’zguga o’xshaydi. Unda sohildagi daraxtlar ham, tip-tiniq osmon ham aks etib, o’zgacha joziba kasb etgan. Ayniqsa Oynako’lning go’zalligi har qanday ta’rifdan yuqori. Qirg’oqqa yaqinroq joyda suv ichidan kattagina qoyatosh chiqib turibdi.Bu tosh darhol suv parilarini eslatdi-bunaqa go’zal ko’lda, ko’ldanda go’zal suv parilari , bo’lsa ne ajab. Eng qiziq voqea biroz keyin-tushlik vaqtida ro’y berdi. Tushlik she’rxonlikka,she’rxonlik qo’shiqqa ulanib ketdi.Gurung ayni qizib turgan bir paytda qozoq shoirlaridan biri turib,Zulfiyaga bag’ishlangan she’rini o’qib berdi.Unda shoir boyagi ta’rifi ketgan Oynako’lni ko’tarib ketishning iloji bo’lmasa-da,hammamizni xursand qildi.

Bir-ikki kundan keyin Balxashga bordik.Kunduzgi uchrashuvlardan keyin biroz dam olib,oqshomgi adabiy kechaga jo’nashimiz kerak edi.Birdan Zulfiya opa g’oyib bo’lib qoldilar.U kishining qayerda ekanligini hech kim bilmaydi.Mezbonlarimiz esa miyig’larida sirli kulib, «xavotir olmanglar , kelib qoladilar» deb bizni tinchitgan bo’lishdi. Darhaqiqat, qorong’u tushganda Zulfiya opa kirib keldilar - u kishining yonida chipta qopga o’ralgan uzun narsa ko’tarib olgan uchta odam bor edi. Ma’lum bo’lishicha,Ular Balxash baliqchilari ekanlar.Zulfiya opa bilan uchrashuvga ko’pdan beri mushtoq ekanlar.Shoiraning Balxashga kelishini eshitib, shoiraning o’zi bilan gaplashib , uni dengizga o’xshagan ulkan ko’l bo’yiga olib ketishibdi.She’rxonlik bo’libdi.Qo’shiqlar kuylashibdi.Baliqxo’rlik qilishibdi.Xullas, to’yib diydorlashishibdi.Baliqchilar ko’p mashaqqatlar chekib, shoiraga sovg’a qilish ucun ikki metr keladigan osyotra balig’ini ushlab qo’yuishgan ekan.Boyagi chiptaga o’ralgan uzun narsa osyotra balig’i ekan. Bilmadim, keyin baliq nima bo’ldi-Toshkentga olib kelishdimi yo o’sha yerda qolib ketdimi? Lekin buning ahamiyati yo’q edi. Muhimi qozoq mehnatkashlari shoiraga bo’lgan hurmat-ehtiromini ifodalashning g’oyat insoniy va original yo’lini topishgan edi.

O’shanda qozoq do’stlarimizning Zulfiyaga munosabatini ko’rib xijolat tortib ketdim- shoiraning dovrug’i shunchalik bo’lsa-yu,tahqidchilar u tomonga bir qiyo boqmasa?

Keyin O’zbekistonda ham Zulfiyaning ijodiy kechalarida ko’p qatnashdim.Yaypanda,Popda, Marg’ilonda,Toshkentda,Qo’qondagi bir uchashuv ham g’oyatda maroqli bo’lgan edi.Qo’qonliklar shoiraga siyohdon sovg’a qilishdi. «Bu Nodirabegimning siyohdoni.Nodirabegim sizga qalamini ham meros qilib qoldirgan.Siz Nodirayi davronsiz.Nodira aytolmay ketgan qo’shiqlar sizning qalamingizdan to’kilsin»,deya lutf qilishdi.Zulfiya opaning dovrug’I butun jahon bo’ylab taralgan edi.Qaysin Quliyev,David Kug’iltinov, Mustay Karim kabi ulug’ san’atkorlar uning yaqin do’sti edi. U xalqaro «Nilufar» va Neru nomidagi mukofotlarning sohibasi bo’lgandi.Lekin mukofotu unvonlar orasida bitta unvon bor ediki, bu bilan Zulfiya opa alohida mag’rurlanardi. U O’zbekiston xalq shoirasi edi.Shuning uchun bo’lsa kerak , «Baxtim shulki,o’zbekning Zulfiyasiman» deya xitob qilgandi. Men, albatta,Zulfiya opa haqida yozdim, uning to’g’risida adabiy portret yaratdim, yangi she’riy kitoblariga taqriz yozdim, maqolalarda uning to’g’risida mulohazalar yuritdim.Lekin aytmog’im kerakki,mening yozganlarim bu ulkan shoiraning ijodi oldida urvog’ ham bo’lolmaydi. Men uning nafosatini , go’zalligini, fikriy boyligini ko’ngildagidek, o’sha she’riyatga munosib tarzda ochib berolgan emasman. Mana hozir ham yozayapman-u, lekin qalamim eski o’rganib qolgan maddohlik yo’liga toyib ketayotganini sezib turibman. Nechundir mening tasvirimda Zulfiya opa farishta misol bo’lib chiqyapti.Holbuki,u inson edi va har qanday inson hayot yo’lida duch keladigan hamma sinovlar, mashaqqatlar, iztiroblar uning ham boshiga tushgan edi. Ko'pgina she’rlarida Zulfiya opa o’zining «kemtik baxti» haqida gapiradi. Umrining so’nggida yozgan «Xotiram siniqlari» dostonida esa o’sha mashaqqatlar to’g’risida benihoya mardonalik bilan yozadi. Bu asar teranligi va mardonavorligi bilan menga Anna Axmatovaning «Marsiya» («Rekviyem») degan asarini eslatadi.

Shoiraning she’rlari haqida, ularning latofati, insoniy jozibasi, teranligi to’g’risida juda ko’p gapirish mumkin. Lekin men bugun boshqa bir savolga javob izlayapman-Zulfiyani odamlarga ardoqli qilgan,adabiyotimizning yorqin yulduzlaridan biriga aylantirgan, XX asrning buyuk ayollari qatoriga qo’shgan asosiy omil nima? Menimcha, bu uning e’tiqodi, juda yuksak ma’naviy va axloqiy fazilatlari , dili bilan tilinng birligi, she’rlarida madh etgan insoniylik,vafo, sadoqat va diyonat degan narsalarga o’zi hayotda og’ishmay amal qilganida. Iste’dod ulug’ ne’mat, lekin iste’dodning o’zi bilan ish bitmaydi, shekilli. Ming afsuski, bizda ayrim iste’dodli shoirlar va shoiralar bor,biroq ular o’zlarining iste’dodlariga berilib ketadilar-u, shunga yarasha inson sifatida ham ulug’ bo’lishi kerakligini unutib yuboradilar. Bunaqa odamning ijodi biron-br tayinli qimmatga yoxud salmoqqa ega bo’lolmasligi o’z-o’zidan ayon. Zulfiya opaning ibrati shundan dalolat beradiki,har qanday iste’dodning yoniga insoniy fazilat qo’shilsagina. Ijod muayyan salmoq kasb etadi. Bunga esa butun umr bo’yi davom etadigan mashaqqatli mehnat bilan, astoydil jon kuydirish bilan erishiladi. Zulfiyaning oilaviy hayoti,muhabbati tarixi ko’pchilikka yaxshi ma’lum. Zulfiya shoir Hamid Olimjonnisevib,u bilan 1935 yilda turmush qurdi. Biroq oradan to’qqiz yil o’tgach, nogahoniy falokat tufayli ikkita farzandi bilan eridan beva qoldi. Keyin esa umrining oxirigacha Zulfiya Hamid Olimjonga muhabbatini bosh ustiga qo’yib, avaylab, asrab, gard yuqtirmay olib o’tdi.Ba’zan Zulfiya opa to’g’risida ikki bolani otasiz tarbiya qildi deyishadi. Mehingcha, bu unchalik to’g’ri emas, chunki Hamid Olimjon ruhan o’z xonadonini biron kun hantark etgan emas. Devorlardagi suvratlarda Hamid Olimjon yirik-yirik ko’zlari bilan mutassil Zulfiyaga, farzandlariga qarab,ularning hollaridan xabar olib turardi, javondagi kitoblardan uning salobatli ovozi eshitilib turardi. Otaning ruhi tirik bo’lsa, u oilaning hamma ishlarida, shu jumladan, bolalar tarbiyasida ham ishtirok etaverar ekan.

Zulfiya - atoqli shoira, yirik davlat arbobi, jamoat ishlarida faoliyat ko’rsatadi, el nazaridagi inson. Lekin u birinchi navbatda ayol, ayol bo’lganda ham o’zbek ayoli edi.U ayol sifatida muayyan burchga ega edi, Hamid Olimjondan erta ayrilgan farzandlarini o’stirib, odam qilib yetishtirmoq kerak edi. Bu esa eh-he, dunyodagi ehg qiyin, eng mashaqqatli ishlardan biri.Qizig’I shuki, siz farzandlaringizni moddiy ne’matlarga ko’mib yuborishingiz mumkin. Ular yaxshi kiyinishi, yeb-ichishi, shuhratingiz shu’lasida gerdayib yurishlari mumkin. Lekin bularning hech qaysisi farzandning qobil bo’lib chiqmog’I uchun yetarli bo’lmasligi mumkin. Nima uchundir u narkoman, bezori, buzuq, o’jar,o’g’ri bo’lib chiqishi hech gap emas. Zulfiya opa 30 yoshida beva qolgan edi- u 30 yashar ayolga atalgan bu dunyoning jami huzur – halovatidan, lazzatidan kechdi, qalbining butun qo’rini farzandlariga bag’ishladi. Buning oqibatida qizi Hulkar olima bo’ldi, nafaqaga chqquniga qadar dorulfununda dars berdi.Oybek domlaga munosib kelin bo’ldi,o’g’li Omon esa- mana, qirq yildirki, Oliy Majlisda ishlaydi.U bu yerga oddiy korrektor bo’lib ishga kirgan edi, keyin maslahatchi bo’ldi, bo’lim mudiri darajasiga ko’tarildi,hozir esa Oliy Majlisning deputati, xizmat ko’rsatgan huquqshunos. Eng qizig’i shuki, men Hulkarni ham, Omonbekni ham qirq yildan beri bilaman, lekin ularning biron marta kalondimog’lik qilganini, burni ko’tarilganini, boshqalarni mensimay qo’yganini ko’rgan emasman.Binobarin Zulfiya opa o’zining onalik burchini ham juda o’rinlatib ado etdi- jamiyat uchun yaxshi fazilatlarga ega bo’lgan ikki ajoyib insonni tarbiyalab yetkazib berdi.

Zulfiya opa o’zbek she’riyatida o’ziga xos bir maktab yaratgan edi.Uning shogirdlari ko’p edi. Bulardan ayrimlari- Oydinxon, Qutlibeka va boshqalar bugun Zulfiya opaning chirog’ini so’ndirmaslikka harakat qilib, samarali ijod qilmoqda. Shoira shogirdlari bilan birga go’zal bir she’riyat chamanini yaratib ketdi.Xo’sh bugun bu bo’ston qay ahvolda? Uning holidan ogoh bo’lib, parvarishiga qarab turgan she’rshunoslar, she’rparastlar bormi?

Albatta, bugungu she’riyat o’z holiga tashlab qo’yilgan desak haqiqatdan uzoq bo’lar edi.Zabardast shoirlar bor,ularning tanlangan asarlari,yangi to’plamlari chiqib turibdi. Shu bilan birga shoir Erkin Vohidov aytgan «daho she’rlar» yaratilmayapti.She’riyatda borgan sari maydalashish holati sodir bo’layapti.Ayrim shoirlar o’zi bilgan narsalarni yozish o’rniga sun’iy gaplarni to’qib chiqaradi, yasama gaplarni gapiradi. Ba’zilar hali yigirmaga to’lar-to’lmas « kuydim- pishdim»ga o’tishadi, «o, dastingda dod dunyo» deb hayqiradi, ba’zilar «charxning men ko’rmagan dardu balosi qoldimu ?» degan savollarga ko’mib tashlaydi, yana ba’zilar chillaga kirgan mulladek , she’rda chilyosinlar o’qishadi.Ba’zan shoirlar izlanish qilaman deb shunaqa ko’chalarga kirib qolishyaptiki, yoqa ushlamay ilojing yo’q. Yaqinda bir shoirning she’rini tahlil qilishdi.Uning yori betob ekan. Uzoqdan o’rtog’ ko’rinibdi-yu, qizning ahvolidan xabar olib kelibdi.U yetib kelguncha, shoir xavotir ichida kutib turibdi. U kelib « Otang vafot etdi» debdi.Shoir xursand bo’lib ketibdi(yori o’lmaganiga bo’lsa kerak-da).Asarni maqtagan tuppa-tuzuk shoirlar xuddi ana shu joyni «ichki dunyoni ochishdagi yangi kashfiyot» deb taqdim etishdi. Kashfiyot o’lsin shunaqa bo’ladigan bo’lsa! Bunaqa gaplar she’rda chinakam she’riyat, nafosat o’rniga, sahnada ko’rsatiladigan yasama o’yinlar, sun’iy qiliqlar ko’payib ketayotganini ko’rsatmaydimi? Oq qog’ozning tili, zaboni yo’q- nimani yozsangiz chiday beradi, ammo iste’dodning iste’dodligi shundaki, u nimani yozishni bilishdan tashqari, nimani yozmaslikni ham yaxshi bilishi kerak.

Mayli, bu gaplarni qo’yaylik.Siz butun shogirdlaringizga butun jonu jahoningizni baxsh etgan edingiz, o’zbek she’riyatining zulfiyalari o’nlab balki undan ortiq bo’lishini istardingiz. Ammo nailoj-besh qo’l baravar emas ekan, shogirdlar ham pand berar ekan.Ularning nobakorligi, xiyonati, vafosizligi- ustozning hayoti davomida kechiradigan jabru jafolari ichida eng alamlisi,yurakda bitmas chandiq qoldiradigan zarba bo’lar ekan. Esingizdami,qaysi bir yili, qaysi bir viloyatga borib, kunduzi paxta terib,oqshomlari hovli devoriga tappi yopib yurgan bir qizni topib kelgan edingiz. Afsuski, u ishonchingizni oqlamadi, sizga munosib shogird bo’lolmadi.

Ha, iste’dod degani bu faqat mahorat degani emas,balki til va dilning birligi ham ekan. She’riy mahorat sizdagiga o’xshab yuksak axloqiy-ma’naviy prinsiplarga tayangandagina ijod butun xalq ardoqlaydigan, ko’p zamonlar mobaynida unutilmaydigan qadriyatga aylanar ekan.

Bugun tongda ruhi pokingiz bilan yana bir marta gurunglashdim,Zulfiya opa. Va yana bir marta amin bo’ldimki, o’zbek adabiyoti XX asrda har qancha ziddiyatli,mashaqqatli yo’lni bosib o’tgan bo’lmasin, unda bir qator tom ma’nodagi ijodkorlar yetishib chiqdi.Bugungi istiqlol kunlarida ularning ijodlari yangi qirralari bilan namoyon bo’lmoqda. Shu porloq yulduzlar ichida siz ham oldingi qatordasiz, Zulfiya opa!

Sizni juda sog’indim!

 

 

Bo'yiga:

1. Zulfiyaning turmush o'rtog'i.

2. Shoiraning ilk she'riy to'plamining nomi.

3. Shoira tavallud topgan shahar.

4. Zulfiyaxonim tavallud topgan fasl.

Eniga:

1. Shoira 1950 yildan to 1980 yilgacha faoliyat yuritgan oynoma.

2. Zulfiyaning otasi Isroil Muslimovning kasbi.

3. Zulfiya ushbu rus shoirning she'rlarini o'zbek tiliga tarjima qilgan.

4. Zulfiyaga berilgan xalqaro mukofot.

5. Zulfiyaning familiyasi.

6. Shoiraning Hamid Olimjonga bag'ishlangan she'ri.

7. Zulfiya o'g'lining ismi.

 

 

Bo'yiga:

1. Zulfiyaning otasi Isroil akaning kasbi.

2. Shoira onasining ismi.

3. Zulfiyaga berilgan xalqaro mukaukofot.

4. Zulfiyaning turmush o'rtog'I, baxt kuychisi bo'lgan shoir.

5. Ayriliq azobi aks etgan Zulfiyaning she'rlaridan biri.

6. Zulfiya portretini ishlagan o'zbek rassomi Chingiz ………..

7. Shoira uzoq vaqt muharrirlik qigan oynoma.

Eniga:

1. Zulfiya tavallud topgan mahalla.

2. Bugungi kunda kundalik hayotda taqilmaydigan milliy taqinchoq.

3. Qo'qonliklar Zulfiyani o'xshatishgan mumtoz o'zbek shoirasi.

4. Zulfiya xonim tug'ilgan oy nomi.

5. Shoiraning amakivachhcasi,o'zbek bolalar shoiri ... Muslim.

6. Shoiraning ta'biricha,onasi usti butun,ichi ... ayollardan edi.

7. Shoirni she'r yozishga undaydigan narsa.

8. Sen baribir muqaddassan ,muqaddas ...

9. Shoiraning she'ri:"Oyi qanday chiroyli,Hurriyatning ..."

Chiqib ko'rsak maylimi, urishmasmi, onasi. Misralarda keltirilgan bahorgi gul nomi.

 

 

 

 

 

 

Aytib ber-chi, shuncha sevganlar
Bo'lganmikan mencha baxtiyor?
Hamid Olimjon

 

Bahor oftobining iliq haroratidan tog' cho'qqilaridagi qorlar qatlami erib, nuqra jilg'alar hosil bo'ladi. Jilg'alar shalolalarga, shalolar esa daryolarga aylanadi. Daryo o'tgan joyda hayot gurkiraydi. Tabiatning so'lim obidalari daryolar yoqasida qad ko'taradi.

Ushbu sayt o'zbek xotin-qizlariga bugungi kunda vafo va sadoqat ramzi bo'lmish nafis kechinmalar kuychisi, kuchli sabr, matonat, iroda sohibasi  bo'lmish  o'zbek shoirasi Zulfiyaxonim (Isroilova)ga bag'ishlanadi.

Shoirlar ham daryo yanglig'  jilg'alardan hosil bo'ladilar. Ba'zi bir jilg'alar qaqroq dashtlarga yetmay, yo'q bo'lib ketadi. Boshqalari esa qancha olis yo'l bossa, shuncha qudrat va ko'lam kasb etib, ulkan daryoga aylanadi.

Daryolar tutashgan joyda esa dengiz tug'iladi. Dengiz butun bir o'lkaga suv va nur beradi, unga mo'tadil iqlim, husn va latofat bag'ishlaydi.

Zulfiyaxonim ham o'zbek adabiyotining ulkan daryolaridan biri edi...

Ushbu sayt o'zbek xotin-qizlariga bugungi kunda vafo va sadoqat ramzi bo'lmish nafis kechinmalar kuychisi, kuchli sabr,matonat, iroda sohibasi bo'lmish o'zbek shoirasi Zulfiyaxonim (Isroilova)ga bag'ishlanadi.

 

Toshkentda O’zbekiston xalq shoirasi Zulfiyaning haykali ochildi

Bahorning ilk kuni – Zulfiyaxonim tavallud topgan ayyom – 1 martda O’zbekiston davlat san’at muzeyi yonidagi go’zal xiyobonda ardoqli shoiraning haykali ochildi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan 2007 yil 13 sentabr kuni qabul qilingan “Toshkent shahrida O’zbekiston xalq shoirasi Zulfiyaning haykalini o’rnatish to’g’risida”gi qaror ijrosining ushbu amaliy ifodasi xalqimizning sevimli farzandi, taniqli jamoat arbobi Zulfiyaning milliy adabiyotimizga qo’shgan ulkan hissasi, betakror ijodiy merosi va ibratli faoliyatining yuksak e’tirofi bo’ldi. Shu bilan birga, ushbu qarorning qabul qilinishi hayotimizning chirog’i, umrimizning guli – ayol zotiga yurtimizda ko’rsatilayotgan yuksak hurmat-ehtiromning yorqin ifodasidir.

Shu kuni yodgorlik o’rnatilgan xiyobon bayramona ko’rkka burkandi. Bu yerga davlat va jamoat tashkilotlarining rahbar xodimlari, shoir va yozuvchilar, shoiraning muxlislari, farzandlari va qarindosh-urug’lari, jamoatchilik vakillari, talaba-yoshlar yig’ildi.

Tadbir ishtirokchilari Zulfiyaning O’zbekiston xalq rassomi R.Mirtojiyev tomonidan ishlangan haykali poyiga gulchambarlar qo’ydilar.

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti tanlovining viloyat bosqichida g`olib chiqqan qashqadaryolik G. Egamberdievaning hujjatlari Respublika komissiyasiga taqdim... etilmadi! Nega?..

Quyida keltirilajak voqea asosida bemalol detektiv film ishlasa bo`ladi. Sababi, hikoyamiz qahramonlari ijrosidagi harakatlarni faqat kinolarda, kino bo`lganda ham, fantastik-sarguzasht kinolarda uchratish mumkin. Yoki bo`lmasa, zikr etilajak hayotiy epizodlar qissaga tortmasa-da, yaxshi bir detektiv hikoyaga asos bo`lgudek. Voqealar original, aql bovar qilmas, qiziqarli. Ishonmasangiz... mana, o`qib ko`ring.
Bilasiz, 1999-yili hukumatimiz tomonidan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti joriy etilgan. Ushbu mukofot mamlakatimizning adabiyot, san`at, fan-ta`lim va jamoatchilik faoliyatida yuksak natijalarga erishgan xotin-qizlariga berilishidan xabaringiz bor. Bu yil ham 8-mart bayrami arafasida yurtimizning 14 nafar qiziga “Zulfiyaxonim qizi” unvoni berilgani-da sizga ma’lum. Biroq barcha xursand, hamma shod bo`ldi-yu, Qashqadaryoning Kosonida yashovchi Gulnoza Egamberdievaning tolei kulmadi. U ham umid bilan “Zulfiya” mukofoti tanlovida ishtirok etayotgandi, hatto viloyat bosqichi g`olibasi ham bo`lgandi. Biroq... viloyat tanlovida g`oliblik nashidasini surgan qiz o`ziga bog`liq bo`lmagan sabablar bilan “musobaqaning final qismida” — Respublika bosqichida qatnasha olmadi...
Qashqadaryoda “Zulfiya” mukofotiga nomzodlar o`rtasidagi bahs bu yil
a-ancha jonli, kurashlarga boy va murosasiz o`tdi (Harqalay, Davlat mukofotiga tavsiya etish viloyat komissiyasi ma`lumotlari shundan dalolat berib turibdi). Shahar va tuman bosqichlarida 184 nafar nomzod ko`rib chiqildi va ulardan 52 da`vogar viloyat bosqichiga yo`l oldi. Viloyatning 17 nafar madaniyat va fan arboblari — komissiya a’zolari nomzodlarning “ishlari”ni ser solib ko`rib chiqishdi, jiddiy o`rganishdi. Bularning bariga viloyat hokimi o`rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo`mitasi raisi Dilorom Xolboyeva bosh-qosh bo`ldi. “Zulfiyaxonim qizi” bo`lishga da`vogarlarning ko`pi noumid bo`lib qaytdi: qanchasining hujjati talabga javob bermadi, yana qanchasining ijodiy va ijobiy ishlari... Xullas, nomzodlarning eng bilimdon, eng iste’dodli va eng zukkolari tanlab olindi. Oxir-oqibat, Davlat mukofoti Nizomiga asosan, 5 yo`nalish bo`yicha 5 nomzod viloyat bosqichi g`olib`i deb topildi. L. Tursunova — adabiyot, N. Maqsudova — san`at, G. Hamroeva — fan, H. Jo`raeva — madaniyat va ramziy ma’noda bosh qahramonimiz G. Egamberdieva ta`lim yo`nalishida birinchi o`rinni egallab, Respublika bosqichiga yo`llanma olishdi.
Mojaro ayni shu nuqtadan boshlandi. Yuqorida zikr etilgan nomzodlarning hujjat va ijodiy ishlari hozirlanib, taomil bo`yicha Toshkentga — Respublika komissiyasiga jo`natilishi zarur edi. Lekin poytaxtga 5 nafar nomzodning faqat to`rttasigina tavsiya etildi. Viloyatning nufuzli komissiyasi g`olib deb tan olgan G. Egamberdieva hujjatlari negadir Toshkentga yuborilganlar ro`yxatidan tushib qoldi?! Savol: nima uchun viloyatda g`olib chiqqan G. Egamberdieva nomzodi poytaxtga yuborilmadi? Bunga qanday tabiiy (yoki sun’iy) to`siqlar g`ov bo`ldi?
Aytish joizki, O. Bobomurodova (G. Egamberdievaning onasi) tahririyatimizga shikoyat bilan murojaat qilgunga qadar, Respublika Xotin-qizlar qo`mitasi eshigiga bir necha bor bosh urib borgan, ayni savollarni rahbariyat oldiga ham qo`ygan ekan. Qo`mita mutasaddilari mojarodan umuman xabarsiz ekanliklarini ma’lum qilishgan va tez orada vaziyatga oydinlik kiritishni so`rab viloyat hokimligiga maktub yuborilgan. Viloyat hokimi N. Zayniyev imzosi bilan martning 26-sanasida yo`llangan javob xatida haqiqatan ham, 2003-yilning 19-noyabrida “Zulfiya” mukofoti tanlovining viloyat bosqichi bo`lib o`tgani, unda besh yo`nalish bo`yicha g`oliblar aniqlangani va... ulardan to`rttasining hujjati Respublika komissiyasiga yuborilgani aytiladi. Javob xatida “beshinchi”ning taqdiri shunday izohdanadi:
“Ushbu tanlovda ta’lim yo`nalishi bo`yicha g`olib deb topilgan Koson tumanidagi Ulug`bek nomli ixtisoslashgan maktabning 11-sinf o`quvchisi Egamberdievaning hujjatlari viloyat hokimligi oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish masalalari bo`yicha kotibiyat xodimlarining mas’uliyatsizligi sababli taqdim etilmay qoldi. Yo`l qo`ygan mas'uliyatsizligi uchun viloyat hokimining oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish masalalari bo`yicha o`rinbosari kotibiyati mudiri M. Rahimova egallab turgan vazifasidan ozod etildi, viloyat hokimi o`rinbosari D. Xolboyeva qattiq ogohlantirildi”.
Javob maktubidagi uch jihatga e`tiboringizni qaratmoqchimiz. Avvalo, hokimlik xatidagi “... mas’uliyatsizligi sababli” degan bahona unchalik ham yopishmayotganday. Gap bu o`rinda faqatgina ro`yxatdan anglashilmovchilik tufayli tushib qolgan biror familiya haqida bormayotir. So`z bir insonning taqdiri, boringki, hayot-mamoti ustida ketayotir. Aytish kerakki, “Zulfiya” mukofotiga tavsiya etish viloyat komissiyasi Toshkentga nomzodlarning faqat ro`yxatini berish bilan cheklanmaydi. Respublika komissiyasiga da`vogarlarning jamiki “nomai
a’moli” — jild-jild hujjatlari, “bo`y baravar” ijodiy ishlari yuboriladi. Xo`sh, viloyat komissiyasi nomzodlar “ishlari”ni poytaxtga jo`natayotgan vaqtda G. Egamberdievaning hujjatlari qayerda edi:yerga kirganmidi yo osmonga chiqqanmidi?! Umuman, anchayin zalvorli yuk bo`lgan hujjatlarni beixtiyor ko`rmay qolish yo unutib qoldirish mumkinmi? Bu holatni birgina mas’uliyatsizligi sababli” deb izohlash qanchalik mantiq kuchiga ega?
Ikkinchidan, ushbu “arzimas” xatoning bor zalvorini oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish kotibiyati xodimlari zimmasiga yuklash nechog`li to`g`ri? Kotibiyat bor-yo`g`i buyruqni bajaradi, hujjatlarni rasmiylashtiradi, soddaroq aytganda, “qozonda borini cho`michga chiqaradi”. Shunday ekan, bevosita D. Xolboyeva nazoratida faoliyat yuritadigan kotibiyat qanday qilib “he” yo`q-“be” yo`q beshinchi nomzod hujjatlarini olib qolishi mumkin?
Uchinchidan, agar kotibiyat xato qilgan taqdirda ham, viloyat komissiyasi qaroriga imzo chekayotgan paytda D. Xolboyeva “Hoy, baraka topgur qizlar, biz besh kishini tavsiya etyapmiz-ku, nega qarorda faqat to`rt nomzod nomini yozdinglar?” deyishi kerakmasmidi?! yoki qo`mitaga yuborilayogan qaror o`qilmay, ko`z yumib tasdiqlab yuborilganmidi? Kotibiyat mudirining ishdan olinib, komissiya raisaning “qattiq ogohlantirish” bilan qutulishi esa odamni o`yga toldiradi: qovunning kattasini hokim o`rinbosari tushirsa-yu, uning jabrini kotibiyat ko`rsa!..
Shikoyatchi O. Bobomurodova o`z arizasida qiziq bir fikrni yozadi. Uning bildirishicha, viloyat komissiyasining tanlov yakunlari bo`yicha qabul qilgan qarorlari ikki xil: ularning biriga (Respublika qo`mitasiga yuborilganiga) G. Egamberdieva ismi-sharifi kiritilmagan; ikkinchisida — D. Xolboyeva unga taqdim etgan hujjatda esa g`oliba qizining familiyasi mavjud. Arizachi aytgan ana shu ikki xil hujjatlarni ko`rish, ularni bir-biriga qiyoslash nasib etdi, deng. Yo Qodiri Xudo! Ajab mahorat, ajab jasorat! Haqiqatan ham, shikoyatchining iddaosida jon bor! Mana, qo`limizda viloyat komissiyasining “Zulfiya” mukofotiga nomzodlarni tavsiya etish to`g`risidagi qarori, aniqrog`i, qarorlaridan biri. Yuqori qismiga 2003 yilning 19 noyabr sanasi raqam etilgan hujjatda besh nafar nomzod borasida 3-o`rinda Egamberdieva Gulnoza Xudoyorovna ko`rsatilgan.
Qarorga komissiya raisi sifatida D. Xolboyeva imzo chekkan. Mana, yana boshqa bir rasmiy qog`oz: viloyat hokimining Xotin-qizlar qo`mitasi va “Zulfiya” mukofoti Respublika komissiyasi raisi D. G`ulomova nomiga yuborgan 07-1/2132-conli taqdimnomasi. Viloyat hokimi N. Zayniyevning imzosi va hokimlik muhri bilan tasdiqlangan taqdimnomada ham G. Egamberdieva ismi-sharifi bor! Unda nomzodning she’rlar yozishi, kitoblar chiqargani, xorij tillarini qiziqish bilan o`rganayotgani, o`nlab faxriy yorliqlar, yana qancha diplomlar olgani maroq bilan hikoya qilinadi, qisqasi, nomzod kiftiga keltirib ta’rif-tavsiflanadi. Qiziq tomoni shundaki, qaror va taqdimnoma ikki xil variantda! Ikkalasini ham viloyat hokimi va uning o`rinbosari tasdiqlagan!
O. Bobomurodovaga tutqazilgan qaror va taqdimnoma bilan qo`mitaga yuborilgan qaroru taqdimnoma deyarli bir xil: sanasi, tartib raqami, hatto imzosiyu muhri-da aynan takror. Yagona farq shuki, ularning birida G. Egamberdieva ismi-sharifi mavjud, ikkinchisida — yo`q. g`alati va tushuniksiz holat. Viloyat hokimi va uning o`rinbosarini bir mavzuda ikki qaror qabul qilishga nima majbur qildi? Nima uchun Respublika komissiyasiga yuborilgan ro`yxatda maqolada ko`p va xo`b tilga olinayotgan Egamberdieva yo`q edi-yu, keyingi “egizak” hujjatda paydo bo`lib qoldi? Mayli, hokimlik javobida aytilganidek, barcha ayb kotibiyatda bo`lsin, hamma ishni kotibiyat buzgan bo`lsin. Lekin manavi egiz qaror va taqdimnoma-chi? Bularni nima deb izohlasa bo`ladi? Umuman, viloyat hokimligiday boobro` rasmiy idora bir mavzuda
ikki xil qaror qabul qilishi mumkinmi?..
Darvoqe, shikoyatchi o`z maktubida yana ko`-o`p g`aroyib gaplarni yozadi. Ular shunday iddaolarki, yozish ne, hatto aytib ham bo`lmaydi. Shubhali “oldi-berdilar”, “kimoshdi”ni eslatadigan munosabatlar... Sirli, “eng ichidagi” muomalalar... Mayli, hozircha uchqur xayolga erk bermay turaylik... Bu yog`ini so`rasangiz, viloyat xotin-qizlar qo`mitasidan ko`rsatilgan, aniqrog`i, hujjatlari poytaxtgacha etib kelgan 4 nomzodning birortasiga ham Toshkentdagi “dovon”dan oshib o`tish nasib etmadi: Qashqadaryoga atalgan mukofotni “Kamolot”dan ko`rsatilgan nomzod — Nargiza Rahimovaga nasib etdi. Albatta, tanlovning Respublika bosqichidagi talab viloyatga qaraganda, kattaroq, zalvorliroq. Shubhasizki, yakuniy bosqichda boshqa da’vogarlarning iste’dodiyu salohiyati e’tirof etilgan holda, o`sha kattaroq, zalvorliroq talablarga javob beruvchilargina g`oliba deya e’lon qilinadi. Lekin nima bo`lgan taqdirda ham, G. Egamberdiyeva Qashqadaryoda g`olib bo`lgan boshqa to`rt nafar da`vogarlardan farqli ravishda respublikada g`olib bo`lishi mumkin edi. Qancha tunlarni shirin xayollar bilan bedor o`tkazgan qiz g`alaba qozonishga arzigulik natijalarga, respublika komissiyasini hayratga solgudek imkoniyatga ega edi, ehtimol. Biroq yorqin kelajakdan umidvor nomzod go`yoki “mas’uliyatsizlik” oqibatida viloyatda “qolib ketdi”.
Savol: yosh, iste`dodli navnihol qizchaning ishtiyoqi sinmaganiga kafolat bormi? Ko`z ochib ko`rgani mas`uliyatsizligu sovuqqonlik bo`lgan yosh vatandoshimiz iste`dodlarni gulday asrab-avaylash, ularga rag`bat va shafqat ko`rsatish to`g`risidagi shirin va`dalarga endi ishonarmikan?..

O'RIK GULLAGANDA
Hamid Olimjon

Terazamning oldida bir tup
O'rik oppoq bo'lib gulladi...
Novdalarni bezab g'unchalar
Tongda aytdi hayot otini
Va shabboda qurg'ur ilk sahar
Olib ketdi gulning totini.
Har bahorda shu bo'lar takror,
Har bahor ham shunday o'tadi,

Qancha tirishsam ham u beor
Yellar meni aldab ketadi.

Mayli deyman va qilmayman g'ash,
Xayolimni gulga o'rayman;
Har bahorga chiqqanda yakkash
Baxtim bormi,deya so'rayman.
Yuzlarimni silab, siypalab,
Baxting bor deb esadi yellar,
Etgan kabi go'yo bir talab,
Baxting bor,deb qushlar chiyillar...
Hamma narsa meni qarshilar,
Har bir kurtak menga so'ylar roz,
Men yurganda bog'larga to'lar
Faqat baxtni kuylagan ovoz.
'Mana senga olam-olam gul,
Etagingga siqqanicha  ol,

Bunda tole' har narsadan mo'l,
To o'lguncha shu o'lkada qol.

Umrida hech gul ko'rmay, yig'lab
O'tganlarning haqqi ham senda,
Har bahorni yig'lab qarshilab
Ketganlarning haqqi ham senda...'
Terazamning oldida bir tup
O'rik oppoq bo'lib gulladi...

Maktab yangiliklari
01.04.2013

YAQIN KUNLARDA MAKTABIMIZDA "MAKTAB PREZIDENTLIK KENGASHI"  TASHKIL ETILADI. BARCHA TAYYORGARLIK ISHLARI YAKUNIY BOSQICHDA. OZ FURSATDA MAKTABIMIZ PREZIDENTI VA 50 KISHIDAN IBORAT "MAKTAB PREZIDENTLIK KENGASHI" A`ZOLARINI BILIB OLAMIZ. "MAKTAB PREZIDENTLIK KENGASHI" NIZOMI BILAN YUQORIDA TANISHISH MUMKIN.